Samarqand viloyatida zararli organizmlarga qarshi kurash: Payariq tumanida yangi usullar qo‘llanilmoqda Samarqand viloyatining Payariq tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, quritilgan meva va sabzavotlarni saqlashga mo‘ljallangan omborxonalarda zararli organizmlarning paydo bo‘lishi v

20-Noyabr, 2025-yil

Samarqand viloyatida zararli organizmlarga qarshi kurash: Payariq tumanida yangi usullar qo‘llanilmoqda 
 
Samarqand viloyatining Payariq tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, quritilgan meva va sabzavotlarni saqlashga mo‘ljallangan omborxonalarda zararli organizmlarning paydo bo‘lishi va tarqalishini oldini olishga qaratilgan muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada zararli organizmlarni aniqlash va ularga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida "aldamchi tutqich" (primanka) tayyorlash jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. 
 
Xususan, tumandagi "CHELAK TOMORQA XIZMATI" MChJga qarashli omborxonalarda mazkur tutqichlar tayyorlanib, ular zararli hasharotlarni jalb qilish va yo‘q qilish uchun maxsus o‘rnatildi. Bu usul, birinchi navbatda, omborxonalarda saqlanayotgan mahsulotlarning sifatini saqlab qolish, ularning zararli organizmlar ta’sirida yaroqsiz holga kelishining oldini olishga xizmat qiladi. 
 
"Aldamchi tutqich"lar zararli organizmlarning hayotiy faoliyati, oziqlanish yoki ko‘payish xususiyatlaridan kelib chiqqan holda maxsus tayyorlanadi. Ular zararli organizmlarni o‘z tomoniga jalb etib, keyinchalik ularni yo‘q qilish yoki zararsizlantirishga asoslanadi. Bu esa, kimoviy vositalardan foydalanish ko‘lamini kamaytirish va ekologik xavfsizlikni oshirish imkonini beradi. 
 
Mazkur tadbirlar viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan belgilangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq amalga oshirilib, mahsulotlarni eksportga tayyorlash va iste’molchilar uchun xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Omborxonalarning doimiy nazoratda bo‘lishi va zamonaviy usullarning qo‘llanilishi, tumanning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash tizimini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi.

Samarqand viloyat Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati

Kanalga ulanish 👇👇

😎 https://t.me/Samkarantin  - Oʻsimliklar karantini va himoyasi yangiliklaridan xabardor qiluvchi eng ommabop  kanal

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech