Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi — hosildorlik garovi Samarqand viloyatiga tashrifim doirasida Ishtixon tumanidagi “Ishtixon oltin yerlari” fermer xo‘jaligi dala maydonida bo‘lib, erishilayotgan natijalar va mavjud muammolar bilan bevosita tanishdim.

Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi — hosildorlik garovi
Samarqand viloyatiga tashrifim doirasida Ishtixon tumanidagi “Ishtixon oltin yerlari” fermer xo‘jaligi dala maydonida bo‘lib, erishilayotgan natijalar va mavjud muammolar bilan bevosita tanishdim.
Ushbu xo‘jalik tomonidan 108 gektarda Xitoy seleksiyasiga mansub, yuqori hosildor “Xin Lu Zao-57” navli g‘o‘za ekilgan bo‘lib, dalada tomchilatib sug‘orish tizimi va qo‘shqator usuli asosida agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda.
Bunday yondashuv suvdan samarali foydalanish, xarajatlarni kamaytirish va o‘simlikning ildiz qismiga bevosita namlik yetkazishda muhim rol o‘ynaydi.
Tashrif davomida dala holatini ko‘zdan kechirar ekanman, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilgani ijobiy baholandi.
Biroq ayrim ishlarning sustkashligi sababli g‘o‘zaning rivojlanishida orqalanish holatlari mavjud ekani ham qayd etildi. Jumladan, chilpish (chekanka) ishlari kechiktirilgani o‘simlik zichligi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga bir hafta muddatda zarur choralarni ko‘rish, xususan chilpish ishlarini zudlik bilan yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdim.
Shuningdek, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashish, oziqlantirish rejimiga qat’iy amal qilish, agrotexnik tadbirlarni jadallashtirish orqali hosildorlikni oshirish zarurligini ta’kidladim.
Zero, dala ishlari o‘z vaqtida, sifatli va talab darajasida tashkil etilgandagina, barqaror va mo‘l hosilga erishish mumkin.