O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini
va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda —Boshqarma deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, mas’uliyati, faoliyati va hisobdorligini tashkil etish tartibini, shuningdek Boshqarma rahbarlarining funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Boshqarma o‘simliklar karantini va himoyasi sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini viloyat bo‘yicha amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Boshqarma O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi Agentligiga (keyingi o‘rinlarda-Agentlik) bo‘ysunadi.
4. Boshqarma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 15 iyuldagi
PF-6262-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2021 yil 15 iyuldagi
PQ-5185-son qarori hamda Agentlik chiqargan buyruqlariga muvofiq amalga oshiradi.
5. Boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari
va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Agentlikning buyruq va nizomlari, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Boshqarmaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
7. Boshqarma o‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limlari, tashki iqtisodiy faoliyat (TIF) o‘simliklar karantini chegara maskanlari, davlatlararo o‘simliklar karantini chegara maskanlari, Respublika ichidagi avtomobil yo‘llari o‘simliklar karantini chegara maskanlari, temir yo‘l stansiyalaridagi o‘simliklar karantini chegara maskanlari yuridik shaxslar hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhri va blankalariga, mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamlari, bank hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
8. Boshqarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi: O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi, qisqatirilgan nomi – O‘simliklar karantini va himoyasi Samarqand viloyat boshqarmasi
b) ingliz tilida: Department of Samarqand region of Agency of Plant Protection and Quarantine of the Republic of Uzbekistan; qisqartirilgan nomi – Samarqand region Agency of Plant Protection and Quarantine
v) rus tilida: Upravlenie Samarkandskoy oblasti Agentstva po karantinu i zaщite rasteniy Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi – Samarkandskoe oblastnoe Upravlenie po karantinu i zaщite rasteniy
9. Boshqarma tarkibiga quyidagilar kiradi:
Tuman o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limlari
(keyingi o‘rinlarda – o‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limlari);
Ichki karantin bo‘limi;
Tashqi karantin bo‘limi;
Zararli organizimlari prognozlashtirish va monitoring qilish bo‘limi;
Paxta, boshoqli don va moyli ekinlar maydonlari nazorati bo‘limi;
Meva-sabzavot, poliz va dukkakli ekin maydonlari nazorati bo‘limi;
Kinologiya bo‘limi;
Zararlantirish bo‘limi;
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish bo‘limi;
Buxgalteriya hisobi bo‘limi;
Fitosanitariya laboratoriya bo‘limi ;
Bosh mutaxasislarni tashkil qiladi.
10. Quyidagilar O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyati boshqarmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli hududda Agentlikka yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarish;
hokimliklar, hududiy prokuratura organlari, ichki ishlar organlari va davlat soliq xizmatining rahbarlari rahbarlik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sektorlari bilan (keyingi o‘rinlarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sektorlari deb ataladi) o‘zaro hamkorlik qilish;
karantin va boshqa xavfli zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va yo‘q qilishni tashkil etish, shuningdek, respublikaning ular mavjud bo‘lmagan hududlariga kirib borishining oldini olish;
qishloq xo‘jaligi va boshqa o‘simliklar mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, sotish va ulardan foydalanishda fitosanitar talablarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
har oylik, choraklik va yillik hisobotlar, ma’lumotlar hamda statistika ma’lumotlarining o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlash;
karantindagi zararli organizmlar, o‘simliklar kasalliklari hamda begona o‘tlarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, qo‘riqxonalar, tabiiy bog‘larning qo‘riqlanadigan hududlari va davlat biosfera rezervatlari, o‘simlik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va sotish joylari, o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar kelib tushadigan maskanlar va ularga tutash hududlarni nazorat tekshiruvlaridan tizimli o‘tkazilishini tashkil etish;
aniqlangan zararlanish o‘choqlari kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etish, shuningdek, karantindagi zararli organizmlar kirib keladigan yo‘llarni aniqlash va to‘sishga doir shoshilinch choralar ko‘rish;
respublikaga xorijiy davlatlardan keladigan mahsulotlarni sog‘lomlashtirishni nazorat qilish;
xorijiy tajriba hisobga olingan holda, o‘simliklar karantini va himoyasi hamda fitosanitariya xavfsizligi tizimidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga oid takliflar kiritish;
o‘simliklar karantini sohasida pulli xizmatlar ko‘rsatishda tarif siyosatini shakllantirishga doir takliflar tayyorlash;
markaziy apparat nomenklaturasiga kiritilgan lavozimlarga kadrlarni tanlash va tavsiya etish;
o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalarining o‘simliklar karantini sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish, shuningdek, ushbu masala yuzasidan aniq takliflar kiritish;
o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, axborot tizimlari va resurslarini himoya etishni ta’minlash.
11. Boshqarma o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
karantindagi zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari hamda begona o‘tlarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlar, davlat o‘rmon fondi, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, o‘simlik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va sotish joylari, o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar kelib tushadigan maskanlar va ularga tutash hududlarni nazorat tekshiruvlaridan o‘tkazadi;
aniqlangan zararlanish o‘choqlari tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etish, shuningdek, karantindagi zararli organizmlar kirib keladigan yo‘llarni aniqlash va to‘sish ishlarini amalga oshiradi;
tegishli organlar va tashkilotlarni chegaraoldi hududlar, chegaradosh davlatlarda yuzaga kelgan karantin vaziyat to‘g‘risida xabardor qiladi, karantin tadbirlarini amalga oshiradi va zarur tasviyalar beradi;
o‘simlik klinikalari monitoringini olib boradi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslarga zarur fitosanitariya talablarini bajarish, shuningdek o‘simliklar karantini va himoyasi, kimyoviy himoya vositalari hamda mineral o‘g‘itlarni sotish, saqlash va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi haqida taqdimnomalar yuboradi;
o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish hujjatlari, fitosanitar sertifikatlar, reeksport fitosanitar sertifikatlar va boshqa hujjatlar berilishini tashkil qiladi;
o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarini zararsizlantirish ishlarini amalga oshiradi, o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar uchun fitosanitar sertifikatlar, reeksport fitosanitar sertifikatlar va boshqa hujjatlarning reestrini yuritadi;
respublika hududidagi o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar, omborxonalar, taralar va transport vositalarini zararsizlantirish bo‘yicha fumigatsiya ishlarini amalga oshiradi (bu ishlar faqat Agentlik mutaxassislari tomonidan bajariladi);
mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan karantin xususiyatidagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda o‘zaro hamkorlik qiladi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda fitosanitariya xavfsizligini ta’minlash, o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini rivojlantirish choralarini ko‘radi;
aholini o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalari faoliyati haqida xabardor qilish ishlarini tashkil qiladi va tizimli asosda amalga oshiradi, jismoniy va yuridik shaxslarning hududiy boshqarma vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan murojaatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi hamda zarur choralar ko‘radi;
jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi, yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash holatini tahlil qiladi, interfaol «qayta aloqa» va «virtual qabulxona» mexanizmini joriy etadi;
yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish doirasida yillik, choraklik va oylik ish rejalari, shuningdek, aniq yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqadi hamda Agentlik bilan belgilangan tartibda kelishadi;
Agentlik hay’ati va ilmiy-texnik kengashlari ish rejalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
aholini o‘similiklar karantini va himoyasi faoliyatining maqsadlari, vazifalari va aniq natijalari to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi.
Boshqarma qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
12. Quyidagilar tumanlardagi (shaharlar) o‘simliklar karantini hududiy inspektorlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli tuman (shahar) hududida Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali amalga oshirish;
o‘simliklar karantini va himoyasi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, rahbariyat topshiriqlarini bajarish;
kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sektorlari bilan hamkorlik qilish;
har oylik, choraklik va yillik hisobotlar, ma’lumotlar va statistika ma’lumotlari o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatga ega zararli organizmlar ro‘yxati ob’ektlarining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik;
zarur bo‘lganda, jismoniy va yuridik shaxslarga karantindagi zararli organizmlarga qarshi kurashishda yordam berish uchun zararsizlantirish (fumigatsiya) bo‘limlarni shakllantirish va ularning ishini tashkil qilish;
o‘z faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, axborot tizimlari va resurslari himoyasini ta’minlash.
13. Tumanlardagi (shaharlar) O‘zbekiston Respublikasi o‘simliklar karantini va himoyasi davlat inspektori zimmasiga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
eksportga jo‘natiladigan va import qilinadigan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va o‘simliklar karantini nazoratidagi boshqa turdagi mahsulotlarni laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun karantin tekshiruvlarni amalga oshiradi va ulardan namunalar oladi;
tuman (shahar) hududlarida qonunchilikda belgilangan tartibda karantindagi hudud va mikrohududlarni belgilaydi;
o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarni eksport va import qilish uchun fitosanitar sertifikatlar hamda boshqa ruxsatnoma hujjatlarini beradi;
davlat inspektorlari vakolatlariga kiradigan masalalar bo‘yicha zarur hujjatlarni tayyorlaydi;
respublika uchun karantin ahamiyatiga ega zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlar tarqalishini nazorat qiladi;
urug‘liklar, o‘simliklar, o‘simlik xom ashyosi, boshqa o‘simlik mahsulotlari va xalq iste’mol tovarlarini mamlakat ichida tashish, eksport qilish uchun olib chiqishning karantin qoidalari hamda ulardan foydalanish shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
zarur bo‘lganda, yuridik va jismoniy shaxslarga karantindagi zararli organizmlarga qarshi kurashishda yordam berish uchun zararsizlantirish (fumigatsiya) bo‘limlarini shakllantiradi va ularning ishini tashkil qiladi;
aholini karantin faoliyati to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi;
karantin zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlardan xoli urug‘lik va ekish materiallari yetishtirilishini ta’minlash maqsadida ko‘chatxonalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va manzarali-gulchilik xo‘jaliklarida ekinlar hamda ko‘chatlarni nazorat qilish;
o‘simliklar va o‘simlik mahsulotlarining fitosanitariya tozaligini ta’minlash, o‘tkaziladigan laboratoriya tekshiruvlari xulosalarini olish asosida o‘rmonlar, qishloq xo‘jaligi ekinlarida karantin zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlar borligi yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida dala nazoratini amalga oshiradi.
14. Quyidagilar tumanlardagi (shaharlar) agronom-entomologlarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli tuman (shahar) hududida Agentlikka yuklangan vazifalar
va funksiyalarni samarali amalga oshirish;
o‘simliklar karantini va himoyasi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, rahbariyat topshiriqlarini bajarish;
kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sektorlari bilan hamkorlik qilish;
O‘zbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatga ega zararli organizmlar ro‘yxati ob’ektlarining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik;
zarur bo‘lganda, jismoniy va yuridik shaxslarga karantindagi zararli organizmlarga qarshi kurashishda yordam berish uchun zararsizlantirish (fumigatsiya) bo‘limlarni shakllantirish va ularning ishini tashkil qilish;
o‘z faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, axborot tizimlari va resurslari himoyasini ta’minlash.
15. Tumanlardagi (shaharlar) agronom-entomologlar zimmasiga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
qishloq xo‘jaligi o‘simliklari zararli organizmlarga qarshi kurash ishlarini tashkil etadi;
qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan hududlarda zararli organizmlarning tarqalgan maydoni, zararlash darajasini o‘rganish yuzasidan tizimli monitoring o‘tkazadi hamda ularga qarshi kurash bo‘yicha aniq tadbirlarni belgilaydi
o‘simliklarni himoya qilish tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha kalendar (ishchi) rejalar tuzadi;
qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararli organizmlardan agrotexnik, kimyoviy, biologik va boshqa vositalar bilan himoya qilish bo‘yicha profilaktik va fitosanitar tadbirlar majmuasining bajarilishini ta’minlaydi;
fitosanitariya tadbirlarining iqtisodiy samaradorligini aniqlaydi;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishini oshirish va ekin hosildorligi yo‘qotilishlarini oldini olish maqsadida zararli organizmlarga qarshi kurashda progressiv texnologiya va eng ilg‘or amaliyotlarni joriy etadi;
urug‘lik va ekish materialining entofitopatologik holati ustidan nazoratni ta’minlaydi;
pestitsidlar bilan ishlash uchun moddiy-texnika vositalari, maxsus kiyimlar, shaxsiy himoya vositalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi;
pestitsidlarni yetkazib berish, to‘g‘ri saqlash va hisobga olishni tashkil etadi, ulardan oqilona foydalanishni ta’minlaydi;
o‘simliklar karantini va himoyasi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
pestitsidlar bilan ishlash qoidalarini xodimlarga o‘rgatish ishlarini olib boradi;
o‘z faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi, axborot tizimlari va resurslari himoyasini ta’minlaydi.
16. Boshqarma o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan boshqarmalar vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda so‘rab olish;
sohadagi o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalari vakolatiga kiradigan muhim muammolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiyalar va kengashlarni hududiy darajada tashkil etish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalari vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun kiritish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida islohotlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlislarida belgilangan tartibda ishtirok etish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslarga o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni belgilangan tartibda yuborish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlarini o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmagani yoki tegishli ravishda bajarmagani uchun belgilangan tartibda javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflarni Agentlikka ko‘rib chiqish uchun kiritish;
Agentlikning hay’ati va ilmiy-texnik kengashi ishlarida ishtirok etish;
Agentlik topshirig‘iga binoan o‘simliklar karantini sohasidagi masalalar bo‘yicha majlislar va seminarlar tashkil etish hamda o‘tkazish;
Agentlik hududiy bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga doir takliflar kiritish;
boshqarmalari vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan da’vogar va javobgar bo‘lish;
o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi bilan bog‘liq materiallarni vakolatli organlar va huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda yuborish;
Agentlikka axborot taqdim etish, o‘simliklar karantini va himoyasi rahbarlari va xodimlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etishga ko‘maklashish;
fitosanitar xavfsizlik, o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida iste’dodli va malakali yosh kadrlarni jalb etish.
boshqarma qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
17. Boshqarma quyidagilar uchun mas’ul:
Agentlik hududiy boshqarmalariga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
iqtisodiyot tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan karantin va boshqa xavfli zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarning xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hududlariga kirib kelishidan himoya qilish;
karantin va boshqa xavfli zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarni o‘z vaqtida aniqlash, tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va bartaraf etishni tashkil etish, shuningdek, respublikaning ular mavjud bo‘lmagan hududlariga kirib borishining oldini olish;
o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha barcha tadbirlarning o‘tkazilishi, bu boradagi zarur ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, qishloq xo‘jaligi va boshqa o‘simliklar mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, sotish va ulardan foydalanishda o‘simliklar karantini bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya etilishi va tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmati inspektorlarining O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlardan olib kelinadigan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarni respublika hududiga kelib tushadigan maskanlarda albatta tekshirish;
karantin ruxsatnomasi berilgan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar turlarining fitosanitariya tozaligi;
fitosanitariya sertifikati berilgan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulot turlarining fitosanitariya tozaligi;
o‘simliklar karantini va himoyasi hududiy boshqarmalari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash;
o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha barcha tadbirlarning o‘tkazilishi, bu boradagi zarur ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, qishloq xo‘jaligi va boshqa o‘simliklar mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, sotish va ulardan foydalanishda o‘simliklar karantini bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya etilishi va tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
tumanlarda (shaharlar) aniqlangan muammolarni chuqur tahlil qilish
va umumlashtirish asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Samarqand shahrida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasini rivojlantirishga doir takliflar tayyorlash;
viloyatda o‘simliklar karantini va himoyasi sohasini rivojlantirish, muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, «yo‘l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirish;
fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va ularni himoya qilishni ta’minlash;
o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonunchilik ijrosi nazoratini ta’minlash, uni buzish holatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va o‘z vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rish;
o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida tarif siyosatini va ko‘rsatiladigan xizmatlarni hisobga olish tizimining takomillashtirilishi.
31. Boshqarma, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti, idoraviy mansub tashkilotlar Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qiladi, jumladan:
Agentlik rahbariyati topshiriqlarining bajarilishi to‘g‘risida axborot beradi;
markaziy apparatga belgilangan faoliyat sohasidagi qonun hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
ularning faoliyatini tekshirish va o‘rganish natijasida aniqlangan kamchiliklar hamda qonunbuzarliklarni bartaraf etish natijalari to‘g‘risida axborot beradi;
Agentlik markaziy apparatiga belgilangan tartib va muddatlarda o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobotlar taqdim etadi;
Agentlik markaziy apparatiga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muammolarini, shu jumladan aholining muhim muammolarini hal etishga qaratilgan takliflar yuboradi;
kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sektorlari bilan hamkorlik natijalari to‘g‘risida axborot beradi;
vakolatli organlar tomonidan o‘z faoliyatini tekshirish natijalari haqida xabardor qiladi.
32. Boshqarma o‘z vakolati doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvining hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Boshqarma tegishli hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sektorlari bilan hamkorlik qiladi.
33. Boshqarma Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiradi.
34. Boshqarma faoliyati O‘zbekiston Respublikasi mahalliy byudjet mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi va moddiy-texnik ta’minlanadi.
35. Boshqarma xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa to‘lovlardan iborat.
Boshqarma xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar
va qo‘shimcha to‘lovlar Agentlik bosh direktori tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq to‘lanadi.
36. Mehnatga haq to‘lash mahalliy byudjetdan tashqari Agentlikning jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Boshqarma xodimlariga ish haqi to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish manbalari hisoblanadi.
37. Boshqarma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.